Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi (NJB) tomonidan Toshkent shahridagi ish beruvchilarning nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishda davlat tomonidan belgilangan majburiyatlar va ushbu shaxslarni ishga qabul qilgan tashkilotlar uchun belgilangan huquq va imtiyozlar bo‘yicha xabardorligini oshirish uchun mehnat organlari bilan hamkorlikda seminar-treninglar tashkil etildi.
“SHAROIT PLYUS” NJB O‘zbekistonda yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlashga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Bu borada birlashma faollari mahalliy va xalqaro grant beruvchilar tomonidan eʼlon qilinuvchi tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqdalar. Ana shunday loyihalardan biri 2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ajratilgan ijtimoiy buyurtmadir.
Ushbu ijtimoiy buyurtma asosida 2022-yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan yaqindan hamkorlikda Toshkent shahridagi aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari ko‘magida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 3% miqdorida zaxiralangan ish o‘rinlari, ularga belgilangan huquq va imtiyozlardan xabardor qilish maqsadida 170 ta ish beruvchilar qamrab olindi.
“SHAROIT PLYUS” NJB ning yuqori malakali mutaxassislari, shahrimizda faoliyat ko‘rsatuvchi ish beruvchilar uchun:
- nogironlikning BMT Nogironlar huquqlari to‘g’risidagi Konvensiyasiga asoslangan tushunchasi va uning modellari,
- nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan zaxira ish o‘rinlari,
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishda davlat tomonidan belgilangan majburiyatlar, jumladan: shu toifa fuqarolarni bandligini taʼminlagan ish beruvchilar uchun davlat tomonidan berilgan kafolatlar, imtiyozlar va boshqa preferensiyalar mavzusida seminar-treningni olib bordilar.

Ushbu treninglar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari hamkorligida Toshkent shahrining har bir tumanida tashkil etildi. Mazkur treninglarni yuqori malakali mutaxassislar: Muhabbat Rahimova, Dilmurod Yusupov hamda Ulug‘bek Mamatxanovlar o‘tkazganliklari, ish beruvchilar o‘rtasida qizg‘in qabul qilindi. Har bir seminar-trening 4 soatdan davom etib, slaydlar, tarqatma materiallar va interaktiv tarzda o‘tkazildi. Seminar-treninglar jarayonida 80 ga yaqin zaxirallangan bo‘sh ish o‘rni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun taklif etildi. Ushbu vakansiyalar www.ishplus.uz veb-portalidan ro‘yxatdan o‘tgan va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘naltirib kelinmoqda. 2022-yil sentabr oyidan boshlab, 400 dan ortiq zaxiralangan bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot veb-portalda chop etilib, 100 ga yaqin ish izlovchilar ish bilan taʼminlandilar.
«Bugungi treningdan judayam katta maʼlumotlar oldim. O‘zimga juda qiziqarli bo‘lgan savollarga javoblar oldim. Eng muhimi bugungi treningimiz nogironligi bo‘lgan shaxslarni bandligini taʼminlash asosida bo‘ldi. Trening o‘zgacha shukuhda bo‘ldi. Menga ko‘proq treningda aytilgan maʼlumotlar va savol-javoblar juda yoqdi. Bundan keyin mana shunday fuqarolarga ishonchimiz yanada ortdi», — deydi seminar-treningda ishtirok etgan ish beruvchi, “SHAXRIZODA” MChJ korxona asoschisi.
«Bugungi treningda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish nuqta-nazaridan trening bo‘lib o‘tdi. Treningdan ko‘p narsalarni o‘rgandik va ushbu treningdan olgan bilim-ko‘nikmalarimizni jamiyatda qo‘llash va ushbu bilim-ko‘nikmalarni jamiyatda qo‘llash orqali biz jamiyatdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan salbiy bo‘lgan turli xil stereotiplarni yo‘q qilishga xizmati qiladi deb o‘ylayman. Trening uchun minnatdorchilik bildiraman», — deya fikr bildirdi Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani 142-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasasi xodimi Asadov Azizbek.
10 dan ortiq faol ishtirok etgan, nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini taʼminlagan ish beruvchilar tuman aholi bandlikka ko‘maklashish markazlariga davlat tomonidan belgilangan turli imtiyozlar uchun tuman aholi bandlikka ko‘maklashish markazlariga yo‘naltirildi.
