2025-yil 2-may kuni Toshkent shahrida inklyuziv jamiyat sari muhim qadamlardan biri bo‘lgan — Uchinchi Inklyuziv Biznes-Forum bo‘lib o‘tdi. Forum O‘zbekiston mehnat bozorida teng imkoniyatlar yaratish, nogironligi bor shaxslarning iqtisodiy faolligini oshirish va xususiy sektorni inklyuziv yondashuvlarga rag‘batlantirishga qaratildi.
Tadbir “Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarni maxsus rekryuting veb-portal — www.ishplus.uz orqali ish bilan ta’minlash” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Loyihaga The Stirling Foundation moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdi. Tashkilotchilar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi, Toshkent shahar nogironlar jamoat birlashmasi “SHAROIT PLYUS”, BMT Taraqqiyot Dasturi, Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti va boshqa milliy hamda xalqaro hamkorlar bo‘ldi.

Bandlik orqali inklyuziya va umumiy qadriyatlarni ilgari surish panel sessiyasida Shvetsiyalik hamkorlarimiz Raoul Foundation va WiljaGruppen o‘z tajribalari bilan almashishdi
“‘Sharoit Plus’ nomi – bu imkoniyat va umidning timsoli. Biz insonlarga shunchaki ‘sharoit’ yaratib berishdan ko‘ra, ularning orzulariga yetishishiga ishonch berishni, ular bilan birga yurishni maqsad qilganmiz. Har bir ishga joylashgan inson ortida bir oila, bir jamiyat, bir umid turibdi. Biz bunga faqat statistik ko‘rsatkich sifatida emas, balki insoniy taqdir sifatida qaraymiz. Bu forum orqali bildikki, agar har birimiz ozgina e’tibor va tushunishni namoyon qilsak, har qanday devorni ko‘prikka aylantirishimiz mumkin. Endi esa bu harakatni to‘xtatish emas, balki butun respublika bo‘ylab yanada kengaytirish va chuqurlashtirish vaqti keldi.” – deydi Toshkent shahri nogironlar jamoat birlashmasi “SHAROIT PLYUS” rahbari Muhabbat Raximova

Aziz Abdullayev, «PRAXIS PLUS» MCHJ ijtimoiy korxonamiz direktori vazifasini bajaruvchisi inklyuziv korporativ madaniyat: hammaga mos ish muhitini qanday yaratish kerakligi haqida taqdimot qildi
100 dan ortiq ishtirokchi — xususiy kompaniyalar, davlat muassasalari, xalqaro tashkilotlar va NNT vakillari — forumda ishtirok etdi. Tadbir gibrid shaklda o‘tkazildi, Zoom va YouTube platformalari orqali jonli efirda yoritildi. Sinxron tarjima rus, ingliz va o‘zbek ishora tillarida taqdim etildi, bu esa uni yanada keng auditoriyaga ochdi.
Forumning asosiy maqsadi — nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat bozoriga to‘laqonli jalb etish uchun biznes vakillari qarashlarini o‘zgartirish, mavjud davlat imtiyozlari haqida xususiy sektorga yetarli axborot berish va jamiyatda inklyuziv mehnatga doir ijobiy qarashni shakllantirish edi. Shuningdek, ishtirokchilarga real hayotdagi muvaffaqiyatli keyslar, ish beruvchilarning amaliy tajribalari va inklyuziv yondashuvlardan foyda ko‘rgan korxonalar taqdim etildi.

O‘zbekiston mehnat bozorida inklyuziv bandlikni ta’minlash uchun faol siyosat panel sessiyasida
Forum doirasida quyidagi besh asosiy yo‘nalish bo‘yicha panel sessiyalar tashkil etildi:
- Ish joylarida inklyuziya: ovqatlanish, chakana savdo, bank va xizmat ko‘rsatish sohalarida nogironligi bor xodimlar bilan ishlash tajribalari;
- Korporativ madaniyat va inklyuziv liderlik: rahbariyat va HR bo‘limlarining o‘zgaruvchan ehtiyojlarga moslashuvi;
- Davlat siyosati va rag‘batlar: inklyuziv ish beruvchilar uchun mavjud subsidiyalar, soliq imtiyozlari va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari;
- Xalqaro tajriba: Shvetsiyadagi ijtimoiy korxonalar tajribasi asosida inklyuziv yondashuvlar;
- Inklyuziv mehnat bozorining istiqbollari: 2027-yilgacha mo‘ljallangan strategik chora-tadbirlar.

Nogironligi bo‘lgan insonlarni ishga joylashtirishda ish beruvchilarga beriladigan subsidiyalar va imtiyozlar haqida Jahongir Baxromov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi bosh mutaxassisi taqdimot qildilar
Spikerlar safida Safia Cafe & Bakery, EVOS, Tashkent City Mall, Kapitalbank, Yandex Go, ALPHA, PRAXIS PLUS, CARE CSR kabi yirik kompaniyalar vakillari, ta’lim tashkilotlari, davlat idoralari va Shvetsiyalik ekspertlar ishtirok etdi.

«Sharoit Plyus» a’zosi Ahmaral Mamanova savol beryaptilar
Muhokamalar davomida quyidagilar alohida e’tiborga olindi:
- Nogironligi bor yoshlarga kasbiy tayyorgarlik berish tizimini kuchaytirish zarurati;
Inklyuziv muhit yaratishda jamiyatdagi stereotiplar va stigma bilan kurashishning dolzarbligi; - Nogironligi bor ayollarning bandligini oshirish bo‘yicha maxsus strategiyalar ishlab chiqish zarurati;
- Inklyuziv ish joylarini aniqlash, baholash va targ‘ib qilish uchun monitoring tizimini yaratish taklifi.

Forum ishtirokchisi savol beryaptilar.
Forum yakunida 2027-yilgacha bo‘lgan davr uchun inklyuziv mehnat bozorini rivojlantirishga doir aniq tavsiyalar va amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan tahliliy hujjat ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu hujjat xususiy sektor, davlat idoralari va fuqarolik jamiyatining yanada samarali hamkorligi uchun yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Forumda ishtirok etish imkoningiz bo‘lmagan bo‘lsa, unda YouTube kanalimizda yozib olingan jonli efirni tomosha qiling.
Batafsil ma’lumot forum veb-saytida: https://forum.ishplus.uz/
Suratlar muallifi: Mariya Malinovskaya
Matn muallifi: Durdona Shavkatova
Tahrir: Dilmurod Yusupov
